s
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 30-yanvardagi “Jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi naqd valyutasi va naqd chet el valyutasini O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali olib kirish va olib chiqib ketish qoidalarini tasdiqlash haqida”gi 66-sonli qaroriga ko‘ra, jismoniy shaxslar tomonidan ekvivalenti 100 000 000 (yuz million) so‘mga teng yoki undan oshmaydigan miqdordagi naqd valyuta mablag‘larini O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga bojxona nazorati qoidalariga rioya etilgan holda cheklovlarsiz olib chiqiladi.
Quyidagi holatlarda mamlakat hududidan cheklovlarsiz valyuta olib chiqishga ruxsat etiladi:
► rezidentlar tomonidan — xorijiy davlatlarga xizmat safariga ketayotgan Hukumat delegatsiyasi a’zolari uchun Vazirlar Mahkamasining farmoyishi asosida;
► norezidentlar tomonidan — O‘zbekiston Respublikasiga kirish chog‘ida rasmiylashtirilgan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi asosida deklaratsiya qilingan mablag‘lar doirasida, shuningdek, respublikada belgilangan tartibda tashkil qilingan xalqaro musobaqalar (tanlovlar, olimpiadalar) sovrindorlari yoki qatnashchilari tomonidan mablag‘larning qonuniyligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida.
Bunda norezident jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga kirish chog‘ida to‘ldirilgan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilgan naqd valyuta mablag‘laridan respublika hududida qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiq foydalanilgan qoldiq miqdori doirasidagi naqd valyuta mablag‘larini O‘zbekiston Respublikasi hududidan olib chiqishga yo‘l qo‘yiladi.
Jismoniy shaxslar O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan o‘tayotganlarida naqd valyuta mablag‘larining haqqoniy va to‘g‘ri deklaratsiyalanganligi uchun qonunchilikda belgilangan tartibda javob beradilar.
Jismoniy shaxs tomonidan respublikaga olib kiriladigan, bojxona to‘lovlariga tortilmaydigan tovarlarning chegaralangan normalari quyidagilardan iborat:
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro aeroportlari bojxona chegaralari orqali olib o‘tishda — 2 000 (ikki ming) AQSh dollari;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegaralarining temir yo‘l va daryo bojxona chegaralari o‘tish punktlari orqali olib o‘tishda — 1 000 (bir ming) AQSh dollari;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegaralarining avtoyo‘l (piyoda) bojxona chegaralari o‘tish punktlari orqali olib o‘tishda — 300 (uch yuz) AQSh dollari;
xalqaro kurerlik jo‘natmalari orqali jismoniy shaxslar nomiga kelayotgan tovarlar uchun — bir kalendar chorak mobaynida 1 000 (bir ming) AQSh dollari;
xalqaro pochta jo‘natmalari orqali jismoniy shaxslar nomiga kelayotgan tovarlar uchun — 100 (yuz) AQSh dollari.
Shuningdek, bojxona deklaratsiyasini taqdim etmagan holda respublikadan jismoniy shaxslar tomonidan olib ketiladigan tovarlarning cheklangan normalari 5 000 (besh ming) AQSh dollari miqdorida.
Tuproqqal’a tuman adliya bo`limi Yuridik xizmat ko`rsatish markazi Bosh yuriskonsulti Urazbayev Tursunboy