s
USD: Rub: Eur:
2023-05-23 165

NIKOHLANUVCHI SHAXSLARNI TIBBIY KO‘RIKDAN O‘TKAZISH TARTIBINI BILASIZMI?

 

 Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 25-avgustdagi 365-son qarori bilan Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlangan.

 Sog‘lom oilani shakllantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, irsiyat bilan bog‘liq va tug‘ma kasalliklarga chalingan bolalar tug‘ilishining oldini olish nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishning maqsadi hisoblanadi.

- Mazkur Nizomning amal qilishi nikohlanuvchi shaxslarning fuqaroligidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasi FHDY organlari tomonidan ro‘yxatdan o‘tkaziladigan barcha nikohlarga joriy etiladi, 50 yoshdan katta shaxslarning nikohini ro‘yxatdan o‘tkazish hollari bundan mustasno, ushbu shaxslar tibbiy ko‘rikdan faqat ularning roziligiga ko‘ra o‘tkaziladi.

- Nikohlanuvchi shaxslar FHDY organlari tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun doimiy yoki vaqtinchalik yashash joyidagi sog‘liqni saqlash tizimining tegishli tibbiyot muassasalariga (keyingi o‘rinlarda matnda — tibbiyot muassasalari) yuboriladi.

- Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun berilgan yo‘llanmalar FHDY organlarida nikoh tuzish to‘g‘risidagi arizalarni ro‘yxatdan o‘tkazish daftarida qayd etiladi.

- Nikohlanuvchi shaxslarning tibbiy ko‘rigi ularning yashash joyidagi psixiatr vrachlar, narkologlar, teri-tanosil kasalliklari vrachlari, ftiziatrlar (dispanser va tuman kabinetlari) tomonidan tibbiy ko‘rik o‘tkazish uchun asos hisoblanadigan FHDY organlari tomonidan berilgan yo‘llanma bo‘yicha bepul o‘tkaziladi.

-Tibbiy ko‘rikdan o‘tish muddati nikohlanuvchi shaxslar tibbiyot muassasasiga murojaat qilgan kundan boshlab ikki haftadan oshmasligi kerak.

- Agar nikohlanuvchi shaxs o‘z xizmati yoki ishi turiga ko‘ra muayyan tibbiyot muassasasiga biriktirilgan bo‘lsa, u mazkur muassasada ko‘rikdan o‘tkaziladi.

- Ozodlikdan mahrum etish joylaridagi shaxslarning tibbiy ko‘rigi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining tibbiyot muassasalarida o‘tkaziladi.

- O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan nikohlanayotgan chet ellik fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar o‘zlarining vaqtincha yashash joyida tibbiy ko‘rikdan o‘tadilar.

- Nikohlanuvchi shaxslarning tibbiy ko‘rigi natijalari to‘g‘risida tibbiyot muassasasining xulosasi ma’lumotnomada aks ettiriladi. Ma’lumotnoma tibbiyot muassasasining muhri va rahbarining imzosi bilan tasdiqlanadi.

- Nikohni qayd etishda FHDY organlari nikohlanuvchi shaxslarning tibbiy ko‘rikdan o‘tganliklariga va ularning ushbu tekshirish natijalaridan xabardorligiga ishonch hosil qilishi kerak.

- Nikohlanuvchi shaxslar nikoh qayd etilgunga qadar ikkinchi tomonni tibbiy tekshirish natijalaridan xabardor qilishi shart.

- Tibbiy ko‘rikdan o‘tgandan keyin nikoh tuzilishiga O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 16-moddasida nazarda tutilgan to‘siq mavjud bo‘lmagan taqdirda FHDY organlari tomonidan nikohni qayd etish belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

- Nikohlanuvchi shaxslarda tekshirish natijasida darhol davolash kursidan o‘tishni talab etuvchi kasalliklar aniqlangan taqdirda, ular belgilangan tartibda tegishli davolash muassasalariga yo‘naltiriladi.

- Tekshirilayotgan shaxs yashash joyidagi davolash-maslahat komissiyasining xulosasiga rozi bo‘lmagan taqdirda takroriy tibbiy ko‘rik viloyat va respublika muassasalarida o‘tkaziladi.

- Nikohni qayd etuvchi shaxslar tibbiy ko‘rik natijalari to‘g‘risidagi axborotning maxfiyligi uchun javob beradilar.

- Ko‘rikni o‘tkazgan vrach qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘rik natijalarining xolisligi uchun shaxsan javob beradi.


Rasulbek Ibragimov
Xorazm viloyat adliya boshqarmasi
Bosh maslahatchisi

Мавзуга оид