s
“Ma'muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas'uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF-80-son, 24.05.2024 y.)ga asosan Adliya organlari faoliyatini hududlarda samarali tashkil etish hamda huquqiy xizmatlar qamrovini yanada oshirish maqsadida tuman (shahar) adliya boʻlimlariga quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatildi:
➖joylarda aholi tomonidan koʻtarilayotgan dolzarb muammolarni koʻrib chiqish va hal etish uchun har oyda mahallalarda “Adliya kuni” tadbirlarini oʻtkazish.
Bunda olis hududlardagi mahallalarda har oyda kamida ikki marotaba sayyor davlat xizmatlarini koʻrsatib borish;
➖uyma-uy yurish va “Huquqiy koʻmak” aksiyalarini oʻtkazish orqali fuqarolar kundalik hayotida aniqlanadigan huquqiy muammolarni bartaraf etish yuzasidan qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlash;
➖“mahalla ettiligi”ga qonunchilik hujjatlarining mohiyati
va ahamiyatini oddiy va xalqchil tilda etkazish, shuningdek ular tomonidan “Online-mahalla” platformasiga kiritilgan aholining kundalik hayotidagi huquqiy masalalarga oid muammolarini hal etib borish;
➖aholiga, avvalambor “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” hamda “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimiga kiritilgan fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam koʻrsatilishini ta'minlash;
➖yoshlar, xotin-qizlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarni, shuningdek tadbirkorlik subektlarini qonunchilik hujjatlarida belgilangan imtiyozlar, preferensiyalar, subsidiyalar, grantlar va davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning boshqa turlari hamda ulardan foydalanish tartibi haqida xabardor qilish;
➖davlat organlari va tashkilotlarining tuman (shahar) boʻlinmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarida yagona huquqni qoʻllash amaliyotini shakllantirishda ularga metodik yordam koʻrsatib borish.
RASULBEK IBRAGIMOV
Xorazm viloyat adliya boshqarmasi bosh maslahatchisi