s
Ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand aholini va nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ular uchun to‘siqsiz muhit yaratish va jamiyatga integratsiyasini taʼminlash ijtimoiy davlatning muhim vazifasi hisoblanadi.
Aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalariga yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, muomalaga layoqatsiz va muomala layoqati cheklangan fuqarolar, ijtimoiy ahamiyatga molik kasalliklarga chalingan shaxslar hamda yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar kiradi.
Shu bois, BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya talablariga muvofiq yangilangan Konstitutsiyamizning 57-moddasida quyidagi qo‘shimchalar kiritildi:
birinchidan, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalarining huquqlari davlat himoyasida ekanligi belgilandi. Amaldagi Konstitutsiyamizda ushbu himoya faqat voyaga yetmaganlar, mehnatga layoqatsizlar va yolg‘iz keksalarga tatbiq etilar edi, endilikda ushbu ro‘yxat kengaytirilmoqda;
ikkinchidan, davlat aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarining hayoti sifatini oshirishga, jamiyat va davlat hayotida to‘laqonli ishtirok etishi uchun ularga shart-sharoitlar yaratishga hamda ularning asosiy hayotiy ehtiyojlarini mustaqil ravishda taʼminlash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan choralarni ko‘radi, degan keng qamrovli norma kiritildi. Ushbu norma bilan aholining yuqoridagi toifalariga imtiyozli uylar berish, bepul tibbiy jihozlar, protez-ortopediya buyumlari, oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash, yetim bolalar uchun oliy taʼlimda bepul o‘qish imkoniyatini yaratish, pensiya va nafaqalar bilan taʼminlash, ijtimoiy xizmatlar turi va sifini oshirish choralarini ko‘rish davlatning konstitutsiyaviy majburiyatiga aylanmoqda;
uchinchidan, davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy, iqtisodiy hamda madaniy sohalar obyektlari va xizmatlaridan to‘laqonli foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratadi, ularning ishga joylashishiga, taʼlim olishiga ko‘maklashadi, ularga zarur axborotni moneliksiz olish imkoniyatini taʼminlaydi, degan insonparvar norma mustahkamlandi. Bu esa davlatga nogironligi bo‘lgan shaxslarning madaniyat markazlari, kino va konsert zallari, sirk, teatrlarga kirish, shuningdek davlat xizmatlari, tibbiy, ijtimoiy xizmatlardan foydalanishda imtiyozlar, qulayliklar yaratish, ularni imtiyozli asosda ishga joylashish va taʼlim olishlari uchun tashkiliy-huquqiy choralar ko‘rish majburiyatini yuklamoqda.
Xonqa tumani adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi
boshlig‘i A.Boltyaev