s
Shaxsni ushlab turish chog‘ida unga huquqlari va ushlab turish asoslarining tushuntirilishi (“Miranda qoidasi”) xalqaro huquqda umumeʼtirof etilgan norma bo‘lib, surishtiruv, tergov va sud jarayonlarida qonun buzilishiga yo‘l qo‘ymaslikni taʼminlashda muhim ahamiyatga ega.
Shu maʼnoda, yangilangan Konstitutsiyamizning 27-moddasida “Shaxsni ushlab turish chog‘ida uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari unga tushunarli tilda tushuntirilishi shartligi” belgilandi.
“Miranda qoidasi” o‘z tarixiga ega. 1966-yilda jinoyat sodir etgan E.Mirandani hibsga olgan AQSH Arizona shtati politsiyasi uni so‘roq qilishdan avval gumonlanuvchi sifatida huquqlari tushuntirilmaganligi tufayli, keyinchalik uning aybga iqrorligi to‘g‘risidagi ko‘rsatmasi asosida chiqarilgan hukm AQSH Oliy sudida bekor bo‘lgan. “Miranda qoidasi”ga (ingl. Miranda warning) binoan shaxsni ushlab turish chog‘ida uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi, ayblanuvchi ayblovning mohiyati va asoslaridan xabardor qilinishi, shuningdek, sukut saqlash huquqidan foydalanishi, jinoyat ishlarida o‘ziga qarshi guvohlik berishga majbur qilinmasligi, malakali yuridik yordam taʼminlanishini talab etiladi.
Ko‘pchilik fuqarolarimiz tergov organlari tomonidan kimdir qo‘lga olinganida, u nima uchun ushlanganini aytilmasligidan, aytilganida ham ushlash sabablari va aybnomaning asl maʼnosini tushunmasligidan shikoyat qiladilar. Odatda, ushlangan shaxs o‘z huquqlarini bilmagan sharoitda tergov organlari tomonidan aybiga iqrorlik ko‘rsatmalari berishga majburlanishi xavfi katta. Aynan protsessual ushlash vaqtida inson og‘ir ruhiy holatga tushadi va huquqiy yordamga ayniqsa muhtojdir, chunki u bunday murakkab vaziyatda jinoyatda aybdor yoki aybsizligini isbotlash majburiyati unga emas, aksincha, to‘liq tergov organlariga yuklatilganligini anglay olmaydi.
Muhimi, mazkur qoidaga ko‘ra, shaxsning huquqlari u yaxshi tushunadigan tilda tushuntirilishi va bu til aynan uning ona tili bo‘lishi shart bo‘lmay, shaxs odatda muloqot qiladigan va yaxshi tushunadigan til bo‘lishi talab etiladi. Shu nuqtayi nazaridan, ushbu qoida ushlangan shaxsga uning huquqlarini real taʼminlanishini kafolatlaydi va unga nisbatan tergov organlari tomonidan aldov, noto‘g‘ri maʼlumot berish va boshqa har qanday qonunga xilof usullarni qo‘llanilishini oldini oladi.
“Miranda qoidasi”ning mazkur talabi Ispaniya, Gretsiya, Niderlandiya, Xorvatiya, Sloveniya va boshqa bir qator davlatlar konstitutsiyalarida mustahkamlangan.
Ushbu qoidaning Konstitutsiyaga kiritilishi shaxsni asossiz ushlanishi, advokat ishtirokisiz yoki o‘ziga qarshi ko‘rsatma berishga majbur qilinishini oldini oladi. O‘z huquqlarini yaxshi bilgan va talab qiladigan insonlarga nisbatan tergov vaqtida zo‘ravonlik yoki qonunga xilof harakatlar qilish ehtimoli albatta keskin pasayadi.
Tuproqqal’a tuman adliya bo`limi Yuridik xizmat ko`rsatish markazi boshlig‘i Iskandarov Xusin