s
USD: Rub: Eur:
2023-09-25 576

Davlat xizmatlari markazlari yoki onlayn tarzda (masofadan turib) rasmiy axborot resurslari orqali elektron raqamli imzo kalitini ro‘yxatga olish va elektron raqamli imzo kalitining sertifikatini berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish

Elektron raqamli imzo bu-elektron hujjatdagi mazkur elektron hujjat axborotini ERIning yopiq kalitidan foydalangan holda maxsus o‘zgartirish natijasida hosil qilingan hamda ERI ochiq kaliti yordamida elektron hujjatdagi axborotda xatolik yo‘qligini aniqlash va ERI yopiq kalitining egasini identifikatsiya qilish imkoniyatini beradigan imzo hisoblanadi.

Ushbu davlat xizmatlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Yangi texnologiyalar ilmiy-axborot markazi (keyingi o‘rinlarda vakolatli organ deb ataladi) tomonidan Davlat xizmatlari markazlari yoki onlayn tarzda (masofadan turib) rasmiy axborot resurslari orqali amalga oshiriladi.

Davlat xizmatlari markazlari hamda vakolatli organ o‘rtasidagi harakatlar ERIdan foydalanilgan holda idoralararo elektron tarzda hamkorlik qilish tizimi orqali amalga oshiriladi.

ERI kalitlarining sertifikatlarini berish uchun yuridik shaxslardan va yuridik shaxs tashkil etmagan tadbirkorlik subyektlaridan bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizi, jismoniy shaxslardan esa 7 foizi miqdorida yig‘im undiriladi, qonun hujjatlarida ERI kalitlarining sertifikatlarini bepul olish nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Jismoniy shaxslarga ERI kalitlarining sertifikatlarini berishda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatga olingan shaxslarga, shuningdek, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga mazkur bandning birinchi xatboshida belgilangan yig‘imning 50 foizi miqdorida chegirma qo‘llaniladi.

ERI kalitlarini ro‘yxatdan o‘tkazish va ERI kalitlarining sertifikatlarini olish uchun jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar Davlat xizmatlari markazlariga bevosita yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki rasmiy axborot resursi orqali elektron tarzda murojaat qiladilar.

Bunda Yagona portal yoki rasmiy axborot resursi orqali ERI kalitlarini ro‘yxatdan o‘tkazish hamda ERI kalitlarining sertifikatlarini olish uchun faqat yuridik shaxslarning rahbarlari murojaat qilishlari mumkin. Yuridik shaxslarning boshqa vakillari ERI kalitlarini va ularning sertifikatini olish uchun Davlat xizmatlari markazlariga bevosita murojaat qilishga haqli.

Bevosita murojaat qilinganda Davlat xizmatlari markazi xodimi murojaat etuvchining nomidan so‘rovnomani to‘ldiradi.

Bunda Davlat xizmatlari markazlariga o‘zi kelib murojaat etgan taqdirda, so‘rovnoma ariza beruvchi tomonidan daktiloskopiya orqali tasdiqlanadi.

Murojaat etuvchi ERI kalitining sertifikatini olish uchun yig‘im to‘laydi.

ERI kalitining sertifikatini olish uchun yig‘im to‘langanligini tasdiqlash axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali amalga oshiriladi.

Agar ERI yopiq kaliti egasi yuridik shaxsning vakili (yuridik shaxsning rahbari bundan mustasno) bo‘lsa, so‘rovnomaga ERI yopiq kaliti egasining familiyasi, ismi, otasining ismi va lavozimi ko‘rsatilgan hamda ushbu ERI yopiq kaliti egasiga ERI kalitlarini va ERI kalitining sertifikatini berish to‘g‘risida yuridik shaxsning xati (ishonchnoma) ilova qilinadi. Murojaat etuvchilardan ushbu bandda ko‘rsatilmagan ma’lumotlarni, shuningdek, boshqa hujjatlarni talab qilish qat’iyan taqiqlanadi.

Davlat xizmatlari markazi ERI kalitining sertifikatini berish to‘g‘risidagi so‘rovnomani qabul qilganidan so‘ng yigirma daqiqa vaqt ichida undagi ma’lumotlarni Davlat xizmatlari markazi xodimining ERI bilan tasdiqlangan holda vakolatli organning axborot tizimiga idoralararo elektron o‘zaro bog‘lanish yo‘li bilan yuboradi. ERI kalitining sertifikatini berish to‘g‘risidagi so‘rovnoma Yagona portal yoki rasmiy axborot resursi orqali tushgan hollarda, bir ish kuni ichida undagi ma’lumotlar Davlat xizmatlari markazi xodimining ERI bilan tasdiqlangan holda vakolatli organning axborot tizimiga idoralararo elektron o‘zaro bog‘lanish yo‘li bilan yuboriladi.

ERI kalitining sertifikatini olish uchun ERI yopiq kalitining egasi Davlat xizmatlari markazi xodimiga ERI kalitlarini va ERI kalitining sertifikatini elektron hujjat shaklida yozib qo‘yish va saqlash uchun o‘zga ma’lumotlar manbaini taqdim etadi.

Davlat xizmatlari markazi xodimi ERI kalitini va ERI kalitining sertifikatini ERI yopiq kaliti egasiga berish vaqtida quyidagilarni amalga oshiradi:

ERI yopiq kaliti egasining shaxsini tasdiqlovchi hujjati (pasport, harbiy bilet, haydovchilik guvohnomasi yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjat) asosida uning shaxsini aniqlaydi;

tarkibida ro‘yxatga olingan ERI kalitlari va elektron hujjat shaklidagi ERI kalitining sertifikati bo‘lgan faylni murojaat etuvchi tomonidan taqdim etilgan o‘zga ma’lumotlar manbaiga yozib qo‘yadi va faylning yozilganligini tekshiradi;

ERI kalitining sertifikatini qog‘oz hujjat shaklida talab etilgan taqdirda ikki nusxada chop etiladi va har bir nusxasi Davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan imzolanib bir nusxasi ERI yopiq kaliti egasiga beriladi.

Davlat xizmatlari markazi xodimi ERI kaliti sertifikatini ERI yopiq kaliti egasiga berish jarayonida murojaat etuvchi tomonidan taqdim etilgan o‘zga ma’lumotlar manbaidagi ma’lumotlarga o‘zgartirish kiritishi, ulardan nusxa olishi va o‘chirishi, o‘zida saqlash hamda ERI yopiq kaliti egasidan ERI yopiq kaliti parolini so‘rab olishi taqiqlanadi.

 

Qo`shko`pir tumani Adliya bo`limi      Davlat xizmatlari markazi katta mutaxassisi, 3-darajali yurist A.O.Matyoqubov

 

 

 

Мавзуга оид