s
Asossiz sudlangan shaxslarning mehnat huquqlari tiklanishi masalasi tegishli qonun hujjatlarida mustahkamlab qo'yilgan.
Xususan, O'zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 310-moddasi 1-qismi va Mehnat kodeksining 561-moddasi 4–qismida, g'ayriqonuniy ravishda sudlanganligi munosabati bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan yoki g'ayriqonuniy ravishda jinoiy javobgarlikka tortilishi munosabati bilan ishdan (lavozimdan) chetlatilgan xodimga avvalgi ishi (lavozimi) berilishi lozimligi, buning imkoniyati bo'lmaganda esa (korxona tugatilganligi, shtatlar qisqarganligi) yoki ishga (lavozimga) tiklash uchun monelik qiluvchi qonunda nazarda tutilgan boshqa asoslar mavjud bo'lgan taqdirda, unga avvalgi ishiga (lavozimiga) teng boshqa ish (lavozim) berilishi kerakligi ko'rsatilgan.
Shuningdek, Jinoyat-protsessual kodeksining 310-moddasi 2-qismiga asosan reabilitatsiya etilgan (oqlangan) shaxsning qonunga xilof ravishda ehtiyot chorasi tariqasida qamoqda saqlangan yoki uy qamog'ida bo'lgan vaqti, jazo o'tagan vaqti, lavozimidan chetlashtirilganligi tufayli ishlamay yurgan vaqti, tibbiy muassasada saqlangan vaqti umumiy mehnat stajiga va ixtisoslik bo'yicha ish stajiga qo'shiladi.
Shaxsning mehnat qilish to'g'risidagi talabi qanoatlantirilmagan bo'lsa yoxud shaxs qabul qilingan qarorga rozi bo'lmasa, u tegishli talab bilan da'vo ishini yuritish tartibida sudga murojaat qilishga haqlidir.
Hazorasp tuman adliya bo‘lim yuridik xizmat ko‘rsatish markazi