s
USD: Rub: Eur:
2023-02-23 942

URGANCH DAVLAT UNIVERSITETIDA “OLIY TA’LIMDA NAZARIYA VA AMALIYOT UYG‘UNLIGI” MAVZUSIDA MEDIA-TUR BOʻLIB OʻTDI

 

 

Joriy yil 27-fevral sanasida bo‘lib o‘tgan ushbu media-turda Urganch davlat universitetining Maktabgacha ta’lim metodikasi, Boshlang‘ich ta’lim metodikasi, Psixologiya, Matematika yo‘nalishlarining talabalari amaliyot rahbarlari bilan birgalikda, shuningdek, media olamda o‘z faoliyatini boshlagan yosh blogerlar, universitet Matbuot xizmati ishtirok etdi.

Media-tur avvalida UrDU Marketing va talabalar amaliyot bo‘limi boshlig‘i Q.Yo‘ldoshev bilan uchrashuv tashkil qilindi. Uchrashuvda hozirda universitetida olib borilayotgan amaliyot jarayonlari, Urganch davlat universiteti bilan amaliyot jarayonlarini tashkil qilish bo‘yicha hamkorlik o‘rnatgan tashkilotlar, oʻqish jarayoni va amaliyot jarayonini toʻgʻri tashkil qilish, muassasaning ichki tartib-intizomiga rioya qilish, talabalarning amaliyot Nizomi va dasturi bilan yaqindan tanishishlari lozimligi, talabalarni dars jarayonlarida egallagan nazariy bilimlarini amaliyotlarda qo‘llay olish ko‘nikmasini rivojlantirish kabi masalalar yuzasidan ma’lumotlar berilib, o‘zaro fikr almashildi. Talabalarning amaliyot jarayonlaridan lavhalar namoyish etildi.

Sir emaski, taʼlim jarayonlarida nazariya va amaliyot uyg‘unligi muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-iyundagi PQ-289 sonli Qarori 2-b bandi ijrosini ta’minlash maqsadida, 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab Urganch davlat universiteti talabalari uchun Xorazm viloyati xalq ta’limi boshqarmasi, Xorazm viloyati Maktabgacha ta’lim boshqarmasi hamda Kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalariga qarashli ta’lim muassasalarida “4+2” tartibida malakaviy amaliyotini o‘tash to‘g‘risida memorandum imzolandi. Ushbu memorandumga asoslanib, Urganch davlat universiteti talabalari shartnoma qilingan ta’lim muassasalarida “4+2” tartibida malakaviy amaliyot o‘tamoqdalar. 

Endilikda talabalar o‘zlarining bilim salohiyatini har tomonlama ko‘rsatish va tizim bilan yaqindan tanishish, muhitni his qilish imkoniyatiga ega bo‘lmoqdalar. 4 kun o‘qishda olgan nazariy bilimlarini 2 kun davomida amaliyotda qo‘llash imkoniyatiga egalar. Hozirgi davrda 4273 nafar talaba   4+2 tartibi bo‘yicha haftaning belgilangan ikki kunida amaliyot o‘tamoqda.

 

Uchrashuvdan so‘ng, media-tur ishtirokchilari hozirgi paytda universitetimizning bir qator ta’lim yo‘nalishlari talabalari 4+2 shaklida amaliyot o‘tayotgan Urganch shahar Xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 6-son umumiy o‘rta ta’lim maktabiga tashrif buyurishdi.

Maktab sharoitlari bilan yaqindan tanishib, maktab o‘qituvchilari va amaliyot rahbarlari bilan suhbatda bo‘lishdi. Talabalarning amaliyot jarayonlarida ishtiroklari qay darajada, darslarda o‘rgangan bilim va ko‘nikmalarini o‘quvchilar bilan qo‘llay olishyaptimi, darslarda qanday metodlardan foydalanishmoqda, dars tahlillaridagi faolliklari haqida qiziqdilar. Bu borada talabalarning ham fikrlariga quloq tutishdi. Talabalar ishtirokidagi dars jarayonlarini kuzatishdi.  

O‘z o‘rni talabalar ushbu amaliyot jarayonlaridan ko‘plab bilim va malakalar egallashyotganliklarini bildirib, o‘quvchilar bilan ishlash maroqli ekanligini, o‘qituvchilik kasbi juda mas’uliyatli, mashaqqatli ekanligini chuqur his etayotganliklarini ta’kidlashdi. 

 

UrDU Matbuot xizmati

 

Мавзуга оид