s
USD: Rub: Eur:
2024-12-26 256

Pensiya va Nafaqa orasidagi farq!

Juda ko‘pchilik pensiya va nafaqa tushunchalarini sinonim deb hisoblaydi ya’ni pensiya nafaqa so‘zining ruschasi deb xato o‘ylashadi (aslida, nafaqa rus tiliga “пособие” deb tarjima qilinadi).

Ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda ham foydalanuvchilar pensioner va nafaqaxo‘r tushunchalarini sinonim sifatida noo‘rin ishlatishadi.

Xo‘sh, bu ikki tushunchaning farqi nimada?

O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonuniga ko‘ra, yetarlicha ish stajiga ega bo‘lgan fuqarolar va ularning oilalari pensiya olish huquqiga ega. Ushbu Qonun bilan davlat pensiyalarining quyidagi turlari belgilanadi:

  1. yoshga doir pensiya.
  2. nogironlik pensiyasi.
  3. boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi.

Qonunning 7-moddasiga ko’ra, yoshga doir pensiya olish huquqiga:

erkaklar — 60 yoshga to‘lganda va ish stajlari kamida 25 yil bo‘lgan taqdirda;

ayollar — 55 yoshga to‘lganda va ish stajlari kamida 20 yil bo‘lgan taqdirda ega bo‘ladilar.

“Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan shartlar va me’yorlarga muvofiq davlat pensiyasini tayinlash uchun zarur ish stajiga ega bo‘lmagan shaxslar  nafaqa olish huquqiga egalar.

Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 23-martdagi 119-son qaroriga 1-ilova “Ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan ayrim toifadagi shaxslarga nafaqa tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizom nafaqalarni tayinlash, qayta hisoblash, ularning turini o‘zgartirish va to‘lash tartiblarini belgilaydi.

Ushbu Nizom bo‘yicha quyidagi nafaqalar tayinlanadi:

  1. a) nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarga nogironlik nafaqasi;
  2. b) parvarishlash nafaqasi;
  3. v) nogironlik nafaqasi;
  4. g) boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi;
  5. d) yoshga doir nafaqa.

Nizomning 19-bandiga ko’ra, yoshga doir nafaqa ayollarga — 60 yosh (bolalikdan nogironligi bo‘lgan farzandi bor (bo‘lgan) onalarga esa 55 yoshdan) va erkaklarga — 65 yoshga yetganda tayinlanadi.

 

 

 

 

Gurlan tuman yuridik xizmat ko‘rsatish
markazi bosh yuriskonsulti                                             Po‘latov Shoxrux Baxram o‘g‘li

 

Мавзуга оид