s
“Yashil makon”. Keyingi paytda bu ibora, bu tashabbus ko‘p eshitilyapti. Millionlab daraxt ekilyapti, atrof tobora yashillashmoqda. Shunga qaramay, ayrim hududlarda daraxt kesish holatlari uchrab turibdi. O‘zi, umuman, bu ishlarga mablag‘ qaerdan keladi, qanday sarflanyapti? Shu savollar ochiq edi.
Endilikda bu kabi so‘roqlar qiynamaydi. Javobi aniq bo‘ladi. Chunki yaqinda qabul qilingan Prezident Farmoni bilan “Yashil makon” loyihasida xolis va jamoatchilik ishtirokini ta’minlashga qaratilgan tub o‘zgarishlar belgilab berildi.
2025 yil 1 oktyabrdan “Yashil makon” platformasida loyiha doirasidagi barcha ishlar oshkora, shaffof jamoatchilik nazoratida amalga oshiriladi.
Ya’ni aholi endi “qaysi joyda daraxt ekiladi?” degan savolga shaxsiy kuzatuv yoki taxmin bilan emas, ishonchli, davlat tomonidan tasdiqlangan ma’lumotlar asosida javob oladi.
Ya’ni fuqarolar o‘zlari soliq to‘lab shakllantiradigan mablag‘lar qaerga va qanday sarflanayotganini real vaqtda kuzatish imkoniga ega bo‘ladi.
Yangi tartibga ko‘ra, kesishga ruxsat olish jarayoni, kesilishi kutilgan daraxtning joylashuvi, turi va holati to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlar foto va videotasvirlar bilan birga platformada e’lon qilinadi.
Bu nafaqat shaffoflik, balki kelgusidagi huquqbuzarliklarning oldini olishda ham samarali vositaga aylanadi.
Bu borada xorij amaliyotida nima gaplar?
Xususan, Saudiya Arabistoni 2021 yildan “Saudi Green Initiative” cho‘l sharoitida ham ilmiy yondashuv va xalq ishtirokida qanday qilib yashil muhit yaratish mumkinligini isbotlamoqda. Loyiha doirasida 2100 yilgacha 10 milliard daraxt ekish maqsad qilingan.
Xitoyda 1978 yilda “Buyuk yashil devor” loyihasi boshlangan, loyiha doirasida 2050 yilgacha 35,6 million gektar o‘rmon yaratish rejalashtirilgan. Loyiha natijasida Xitoydagi o‘rmon maydoni
1949 yildagi 10%dan 2024 yil oxiriga kelib 25%gacha oshgan.
Bunday loyihalar Fransiya, Buyuk Britaniya, Kanada, Hindiston va boshqa davlatlarda ham faol ishlamoqda.
“Yashil makon”dan ham xuddi shu yo‘nalishda jamoatchilik ishtiroki, shaffoflik va mutaxassislarga tayangan tizim orqali rivojlanish kutilyapti. Daraxt ekish aksiya emas, haqiqiy ekologik yechimga aylanmoqda.
Tuproqqal’a tuman adliya bo`limi Yuridik xizmat ko`rsatish markazi Bosh yuriskonsulti Sadikova Manzura