s
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi asosiy maqsadi inson, uning huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish va himoya qilishdan iboratdir. Yaʼni, qonunlar kimgadir ortiqcha majburiyat yoki xarajat yuklashi mumkin emas. Aksincha, qonunlar vositasida jamiyat huquqiy jihatdan tartibga solinadi, insonlar hayoti barqarorlashtiriladi va bir maromda ketishi taʼminlanadi.
Yangilangan Konstitutsiyamizning 20-moddasida davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy taʼsir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerak, degan qatʼiy norma belgilandi.
Qonunlarning pirovard maqsadi ham inson, uning huquq va erkinliklarini himoya qilishdan iboratdir. Biroq, qonunchilikda bir insonning huquq va erkinliklarini himoya qilish yo‘lida boshqa insonga bajarish juda qiyin yoki ilojsiz bo‘lgan majburiyatlarni yuklovchi normalar mavjud. Masalan, amaliyotdagi bir holat: fuqaroning ipoteka kreditidan 3 million so‘mlik uch oylik qarzi bor. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, bank qarzdorni sudga beradi. Lekin, bu masalada daʼvo arizasi 3 million so‘m, yaʼni real qarz bo‘yicha emas, balki kreditning to‘lanmagan qismiga, deylik, 250 million so‘mga nisbatan beriladi. Sud arizani ko‘rib chiqib, qarzdordan 10 million so‘mdan ortiq davlat boji undirish va shartnomani bekor qilish bo‘yicha qaror qabul qiladi. 3 million so‘mni to‘lay olmagan fuqaro 10 million davlat bojini qanday to‘laydi? Ko‘rish mumkinki, sud qo‘llagan huquqiy taʼsir chora maqsadga erishishga nisbatan mutanosib emas.
Shu bois, eng muhim konstitutsiyaviy prinsiplardan biri bo‘lgan mutanosiblik prinsipi ilk bor Konstitutsiyamizda o‘z ifodasini topmoqda. Mazkur prinsip mohiyatan inson huquqlarining himoyasini kuchaytirishga yo‘naltirilgan bo‘lib, inson huquqlari davlat tomonidan cheklanishining asosliligini aniqlovchi mezon hisoblanadi.
Mazkur normaga o‘xshash qoidalar qator rivojlangan mamlakatlar konstitutsiyalarida, xususan Germaniya Asosiy qonunida ham o‘z aksini topgan.
Ushbu qoida fuqarolarning davlat idoralari bilan bo‘layotgan munosabatlarida yuzaga keladigan qator muammolarni hal etib, o‘z vazifalarini inson huquqlariga rioya qilgan holda amalga oshirish imkoniyatini kengaytiradi. Mazkur norma qonunlar va boshqa qonun hujjatlarida ham belgilangan, mansabdor shaxslar qarorlari va faoliyatida qo‘llanilgan huquqiy taʼsir choralari ko‘zlangan qonuniy maqsadga erishish uchun mos va yetarli bo‘lishi hamda manfaatdor shaxslarga imkon qadar qiyinchilik tug‘dirmasligi, insonlarga moddiy va maʼnaviy ziyon yetkazilmasligini oldini olishga xizmat qiladi.
Tuproqqal’a tuman adliya bo`limi Yuridik xizmat ko`rsatish markazi Bosh yuriskonsulti Urazbayev Tursunboy