s
USD: Rub: Eur:
2024-06-29 524

Kimlar attestatsiyadan o‘tkazilmaydi ?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Oliy Majlisga Murojaatnomasida o‘qituvchilarning o‘z fanini bilishi, pedagogik mahorati va psixologik tayyorgarligidan kelib chiqib, toifa berish mezonlari qayta ko‘rib chiqish vazifani belgilab bergan edi. Shunga asosan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2021-yil 17-sentyabrda “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 572-son qarori qabul qilindi. Ushbu qaror asosida qabul qilingan Nizomga asosan pedagog xodimlarni attestatsiyadan o‘tkazish jarayonida ko‘plab eski amaliyotlar bekor qilinib, yangi tartiblar joriy qilindi. Joriy qilingan yangi tartib va qoidalar orasida qaysi pedagog xodimlar attestatiyadan o‘tkazilmasligi ham belgilab qo‘yildi.

Xususan, quydagi pedagog kadrlar attestatsiyadan o‘tkazilmaydi:

fan nomzodi, falsafa doktori (Doctor of Philosophy (PhD) yoki fan doktori (Doctor of Science (DSc) darajasiga hamda Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan berilgan katta ilmiy xodim, dotsent va professor ilmiy unvoniga ega bo‘lgan pedagog kadrlar;

ta’lim tashkilotlarida 15 yillik uzluksiz ish stajiga ega bo‘lgan oliy malaka toifali (bosh o‘qituvchi lavozimidagi) pedagog kadrlar;

pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanayotgan pensiya yoshiga to‘lgan pedagog kadrlar;

pedagogik faoliyat bo‘yicha uch yildan kam bo‘lgan ish stajiga ega pedagog kadrlar;

homilador ayollar, ular homilador bo‘lgan davrda hamda ishga chiqqanidan keyin bir yil davomida;

homiladorlik va tug‘ish hamda bolani parvarish qilish ta’tillarida bo‘lgan ayollar, ular ta’tilda bo‘lgan davrda hamda ishga chiqqanidan keyin bir yil davomida;

pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanayotgan uch yoshgacha bolalari bor ayollar;

uzoq (uch oydan ortiq vaqt mobaynida) davolanishni o‘tayotgan pedagog kadrlar, ular davolanayotgan davrda hamda ishga chiqqanidan keyin olti oy davomida;

mazkur Nizomning 8 va 9-bandlarida ko‘rsatilgan pedagog kadrlar, ularga malaka toifasi to‘g‘ridan to‘g‘ri berilgan yoki bir pog‘ona oshirilgan vaqtdan boshlab keyingi besh yil davomida;

respublika va chet el davlatlariga o‘qishga, qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslariga yuborilgan pedagog kadrlar;

ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlar asosida raqobatlasha olmaydigan shaxslar uchun eng kam miqdordagi ish o‘rinlariga zaxiraga olib ishga joylashtirilgan pedagog kadrlar, bu ish joylariga qabul qilingan kundan boshlab uch yil davomida.

Qonunchilik hujjatlariga muvofiq mazkur bandda ko‘rsatilmagan boshqa pedagog kadrlar ham navbatdagi majburiy attestatsiyadan ozod qilinishi mumkin.

Мавзуга оид