s
“Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishda mikromoliya xizmatlarining oʼrni va ulushini oshirish boʼyicha qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi Prezident qarori (PQ-364-son, 10.11.2023 y) qabul qilindi
Qarorga koʼra, 2024–2026 yillarda quyidagi maqsadli koʼrsatkichlarga erishishga qaratilgan mikromoliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish dasturi amalga oshiriladi:
mikromoliyalash bozori hajmini kamida 5 barobarga oshirish;
mikromoliyaviy xizmatlar bilan 1 milliondan ortiq tadbirkorlarni qamrab olish;
mikromoliya tashkilotlari resurs bazasida jismoniy shaxslardan jalb qilinadigan mablagʼlar miqdorini 2 barobarga oshirish;
mikromoliyaviy xizmatlar koʼrsatish orqali rasmiy daromadga ega boʼlmagan 500 mingga yaqin shaxslarni oʼzini oʼzi band qilish va biznesni rivojlantirishga koʼmaklashish.
2024 yil 1 yanvardan:
mikroqarzning eng yuqori miqdori 50 mln soʼmdan 100 mln soʼmgacha oshiriladi;
nobank kredit tashkilotlari aktsiyadorlik jamiyati yoki masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil etiladi;
mikromoliya tashkilotlariga norezidentlardan xorijiy valyutada qarz mablagʼlarini jalb qilish hamda yuridik shaxslarga xorijiy valyutada moliyaviy xizmatlar koʼrsatishga ruxsat beriladi;
jismoniy shaxs boʼlgan ishtirokchilardan (aktsiyadorlardan) ustav fondiga (ustav kapitaliga) kiritilgan hissa summasining yoki ularning egaligidagi aktsiyalar nominal qiymatining ikki baravaridan oshmaydigan miqdorda qarz mablagʼlarini jalb etishga ruxsat beriladi;
mikromoliya tashkilotlari tegishli litsenziya olgan holda toʼlov tashkiloti faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega boʼladi;
jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan nobank kredit tashkilotining ustav kapitalidagi ulushga egalik qilish uchun Markaziy bank dastlabki ruxsatnomasini olish talabi qonunchilikda belgilangan 10 foizlik ulushni 20 foizga oshirish orqali yumshatiladi.
Bunda, olinayotgan ulush miqdori 10 foizdan 20 foizgacha boʼlganda Markaziy bankni xabardor qilish tartibi joriy etiladi;
mikromoliya tashkilotlariga tijorat banklaridan kredit resurslari jalb etilganda yoki tadbirkorlik subʼektlariga mikromoliya tashkilotlaridan mikrokredit olinganda “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” АJ kafilligini berish imkoniyati yaratiladi;
tijorat banklariga mikromoliya tashkilotlariga kredit ajratishda ularning koʼrsatilgan mikromoliyaviy xizmatlari boʼyicha talab qilib olish huquqini garovga olish huquqi beriladi.
2024 yil 1 aprelgacha mikromoliya xizmatlari sohasiga ixtisoslashgan yangi mikromoliya tashkiloti tashkil etiladi.
2024 yil 1 yanvargacha mikromoliya tashkilotlari tomonidan islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar koʼrsatishning normativ-huquqiy bazasi ishlab chiqiladi.
Yangiariq tumani Adliya bo’limi
Yuridik xizmat ko’rsatish markazi
bosh yuriskonsulti X.Matkarimov