s
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 28-martdagi 244-son qarori bilan “Bolalarni davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning” Ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
Mazkur Ma’muriy reglament bolalarni umumiy turdagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari (otaliqqa olgan tashkilot xodimlarining bolalari uchun kvotalar bundan mustasno), qo‘shma turdagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari (imkoniyati cheklangan bolalar uchun ajratilgan o‘rinlar bundan mustasno), umumiy turdagi davlat idoraviy maktabgacha ta’lim tashkilotlari (belgilangan kvotalar bo‘yicha), davlat-xususiy sheriklikka asoslangan nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari (ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalar va maxsus kontingent bolalari uchun belgilangan kvotalar bo‘yicha) qabul qilish tartibi belgilandi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlari bolalarni yo`llanmalar asosida qabul qiladi.
Bunda, ota-onalar, ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar (farzandlikka oluvchilar, vasiylar va homiylar), bolalarning yaqin qarindoshlari (bobosi, buvisi, voyaga yetgan akasi yoki opasi) yoki uchinchi shaxslar (keyingi o‘rinlarda — ariza beruvchilar) yo‘llanmalar olish uchun davlat xizmatlari markazlariga o‘zlari kelib murojaat qiladilar yoki elektron shaklda davlat xizmatlaridan foydalanish uchun mustaqil ravishda (yoki vakolatli organ yordamida) YIDXPda ro‘yxatga olinadilar, shuningdek, davlat xizmatidan kompleks tarzda foydalanish uchun fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organiga tug‘ilishni qayd etish bilan bir vaqtda murojaat qilishlari mumkin.
Ushbu Ma’muriy reglament ko`ra, ariza beruvchi o‘zi kelib murojaat qilingan taqdirda, davlat xizmatlari markazi xodimi ariza beruvchi nomidan, YIDXP orqali murojaat qilingan taqdirda esa, ariza beruvchi davlat xizmatlaridan foydalanish uchun so‘rovnomani elektron shaklda mustaqil ravishda yoki vakolatli organ xodimlari yordamida, Maktabgacha ta’lim vazirligining rasmiy veb-saytida hamda YIDXPda joylashtirilgan ma’lumotdan (mavjud bo‘sh o‘rinlar, so‘rovnomaning navbati, tashkilot manzili va boshqalar) foydalangan holda, ushbu Reglamentga muvofiq shakl bo‘yicha to‘ldiradi.
So‘rovnomaga zarur ma’lumotlarni rasmiylashtirgandan va kiritgandan so‘ng ariza beruvchi uni identifikatsiya qilishning tegishli vositalari (daktiloskopiya, elektron imzo, Mobil-ID va boshqalar) bilan tasdiqlaydi.
Shu alohida ta’kidlash joizki, bolalarni tashkilotga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmati bepul ko‘rsatiladi.
Shu bilan birga, navbat kelganligi va (yoki) navbatdagi holat o‘zgarganligi haqida maxsus raqamga so‘rov yuborish orqali sms-xabar olish imkoniyati yaratiladi, bunda har bir kiruvchi sms-xabar uchun ariza beruvchi hisobidan belgilangan miqdorda to‘lov yechiladi.
Davlat xizmatlari markazlari, vakolatli organlar va tashkilotlar o‘z faoliyatini amalga oshirish natijasida olingan ariza beruvchi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlaydi.
Tuproqqal’a tuman Adliya bo’limi
Davlat xizmatlari markazi bosh mutaxasisi: B.Ruzmetov