s
USD: Rub: Eur:
2025-06-29 266

Ish beruvchining mehnatni muhofaza qilish sohasidagi huquq va majburiyatlari qanday?

Ish beruvchi - xodimni ishga qabul qilish huquqiga ega shaxs korxona rahbari hisoblanib, u bir qancha huquq va majburiyatlarga ega.

Ish beruvchi quyidagi huquqlarga ega:

— xodimlardan mehnatni muhofaza qilish va ishlarni bexatar olib borishga doir normalarga, qoidalarga hamda yo‘riqnomalarga rioya etilishini talab qilish;

— alkogolli ichimlikdan, giyohvandlik yoki toksik modda ta’siridan mastlik holatini tekshirish uchun xodimlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish;

— xodimlarning ishlab chiqarishda olgan jarohatlarining og‘ir-yengilligi, ularda jarohatlanishga olib kelishi mumkin bo‘lgan kasalliklar bor-yo‘qligi, shuningdek alkogolli ichimlikdan, giyohvandlik yoki toksik modda ta’siridan mastlik holatida bo‘lgan-bo‘lmaganligi to‘g‘risida ma’lumotlar olish;

— mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvini amalga oshiruvchi organlarning qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoxud mansabdor shaxsga yoki bevosita sudga shikoyat qilish;

— mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etganlik uchun xodimlarni mukofotlash va moddiy rag‘batlantirish choralarini ko‘rish;

— mehnatni muhofaza qilish talablarini buzganlikda aybdor bo‘lgan xodimlarni intizomiy javobgarlikka tortish.

Ish beruvchi qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

Ish beruvchi:

har bir ish joyidagi mehnat sharoitlarining mehnatni muhofaza qilish talablariga muvofiqligini ta’minlashi;

mehnatni muhofaza qilishni boshqarish tizimini yaratishi va uning ishlashini ta’minlashi;

binolar, inshootlar, asbob-uskunalardan foydalanishda, texnologik jarayonlarni amalga oshirishda, shuningdek xom ashyo va materiallarni ishlab chiqarishda qo‘llashda, ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatishda xodimlarning xavfsizligini ta’minlashi;

ish joylaridagi mehnat sharoitlarining holati ustidan, ayniqsa zararli ishlab chiqarish omillari va xavfli ishlab chiqarish omillari ustidan nazoratni amalga oshirishi;

xodimlarni mehnat sharoitlari, shu jumladan kasb kasalliklari va boshqa kasalliklar xavfi mavjudligi, muayyan ish joylaridagi hamda ishlab chiqarishdagi mehnatni muhofaza qilish holati, shuningdek shu munosabat bilan ularga berilishi lozim bo‘lgan imtiyozlar va kompensatsiyalar, shaxsiy va jamoaviy himoya vositalari to‘g‘risida o‘z vaqtida xabardor qilishi;

mehnatni muhofaza qilish xizmatini va yo‘l harakati xavfsizligi xizmatini qonunchilikda belgilangan tartibda tashkil etishi;

belgilangan normalarga ko‘ra xodimlarni sut, davolash-profilaktika oziq-ovqati, gazlangan sho‘r suv, shaxsiy himoya va gigiena vositalari, shuningdek jamoaviy himoya vositalari bilan ta’minlashi;

qonunchilik hujjatlariga, shuningdek mehnatni muhofaza qilish qoidalariga muvofiq xodimlarga sanitariya-maishiy va tibbiy xizmat ko‘rsatilishini ta’minlashi;

xodimlarning mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha yo‘l-yo‘riqdan o‘tishini, o‘qitishni, qayta tayyorlashni, malakasini oshirishni va mehnatni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha bilimlarini tekshirishni ta’minlashi;

mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha o‘quvdan, yo‘l-yo‘riqdan o‘tmagan va bilimlari tekshirilmagan xodimlarni ishga qo‘ymasligi;

zararli, xavfli va boshqa mehnat sharoitlarida ishlayotgan xodimlarga imtiyozlar va kompensatsiyalar belgilanadigan, imtiyozli sharoitlarda pensiyaga chiqish huquqi beriladigan, nogironligi bo‘lgan shaxslar band bo‘lgan ish joylarini qonunchilikda belgilangan tartibda ulardagi mehnat sharoitlari bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazishi;

dastlabki (ishga kirayotganda) va davriy (mehnat faoliyati davomida) majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni tashkil etishi;

mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvini amalga oshiruvchi organlarga, shuningdek kasaba uyushmalariga va xodimlarning boshqa vakillik organlariga mehnatni muhofaza qilishning holati ustidan nazorat qilish, tekshirish va monitoring qilish, ishlab chiqarishda yuz bergan baxtsiz hodisalar hamda kasb kasalliklarini tekshirish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar va materiallarni taqdim etishi;

avariya holatlarining oldini olish, bunday holatlar yuz berganda xodimlarning hayoti va sog‘lig‘ini saqlash, shu jumladan jabrlanganlarga birinchi yordam ko‘rsatish choralarini ko‘rishi;

mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvini amalga oshiruvchi organlarning ko‘rsatmalarini o‘z vaqtida bajarishi hamda kasaba uyushmalari va xodimlarning boshqa vakillik organlarining taqdimnomalarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqishi;

xodimlarning ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan majburiy davlat ijtimoiy sug‘urtasini, shuningdek ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilishni ta’minlashi;

ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklari tekshiruvini amalga oshirishi, shuningdek ularning hisobini yuritishi shart.

Ish beruvchining zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.

 

Tuproqqal’a tuman adliya bo`limi Yuridik xizmat ko`rsatish markazi Bosh yuriskonsulti  Urazbayev Tursunboy

Мавзуга оид