s
Yurtimizda 2023-yil 30-aprel kuni o‘tkazilgan referendumda yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ishtirok etgan fuqarolarning 90,21 foizi tomonidan yoqlab ovoz berish orqali qabul qilinganligi unda xalqimizning Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha orzu-umidlari va intilishlari o‘z aksini topganligidan dalolat bermoqda.
Konstitutsiyamizning 1-moddasida: O‘zbekiston — boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekanligi belgilandi.
Ushbu normaning mazmunan ko‘rib chiqsak.
Suveren davlat O‘zbekiston mustaqilligining umumiy va ajralmas belgisi bo‘lib, ichki va tashqi siyosatda to‘liq mustaqil ekanligini anglatadi.
Demokratik davlat esa insonparvarlik qonunlariga asoslangan, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy holati va siyosiy qarashlaridan qat’iy nazar, inson huquq va erkinliklarini ta’minlab beradigan davlat.
Huquqiy davlat – davlat o‘z faoliyatini, jamiyat va fuqarolarning yashash tarzini faqat Konstitutsiya va qonunlar asosidagina amalga oshirilishini ta’minlaydi. Natijada, davlat organlari va mansabdor shaxslar qonun ustuvorligi asosida xalq manfaatlari uchun ishlaydi, unga xizmat qiladi.
Ijtimoiy davlat - har bir inson uchun farovon turmush darajasi, xususan sifatli ta’lim, kafolatli tibbiy xizmat, munosib mehnat sharoiti va adolatli ish haqi, pensiya va nafaqalar, ijtimoiy yordam va xizmatlar tizimi yaratilgan, uy-joyli bo‘lish sharoiti mavjud bo‘lgan, ijtimoiy tafovutlar yumshatilgan, muvozanatlashgan, hech bir fuqaro o‘z muammolari bilan yolg‘iz qolmaydigan adolatli davlatdir.
Dunyoviy davlat – diniy tashkilotlar va birlashmalar davlatdan hamda davlat hokimiyati dindan ajratilgan, davlat boshqaruvi diniy qoidalar bilan emas, balki Konstitutsiya va qonun hujjatlari bilan tartibga solinadigan, qarorlar qabul qilishda diniy asoslarga tayanilmaydigan davlat hisoblanadi.
Rasulbek IBRAGIMOV
Xorazm viloyat adliya boshqarmasi
bosh maslahatchisi