s
USD: Rub: Eur:
2025-03-30 898

Ish beruvchining boshqa joyga ko‘chishi munosabati bilan joyning o‘zgarishi

Ish beruvchi xodimni ish beruvchining kelgusida boshqa joyga (xodimning yashash joyidan unga yashash joyiga qaytish imkonini bermaydigan masofada joylashgan hududga) ko‘chishi to‘g‘risida kamida ikki oy oldin yozma shaklda ogohlantirishi shart.

Ish beruvchi o‘zining kelgusida boshqa joyga ko‘chishi to‘g‘risida xodimni ikki haftadan oshadigan ogohlantirish muddatini mutanosib pulli kompensatsiya bilan almashtirishga haqli.

Xodimning ish beruvchi bilan birga boshqa joyga ko‘chib o‘tishga roziligi mehnat shartnomasiga doir qo‘shimcha kelishuv tuzish orqali rasmiylashtiriladi.

Xodimning ish beruvchi bilan birga boshqa joyga ko‘chishi munosabati bilan xodimga ushbu Kodeksning 289-moddasida nazarda tutilgan kompensatsiya to‘lovlari beriladi.

Xodim ish beruvchi bilan birga boshqa joyga ko‘chishni yozma ravishda rad etgan taqdirda, xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi xodim ish beruvchi bilan birga boshqa joyga ko‘chishni rad etganligi sababli xodimga ushbu Kodeksning 173-moddasiga muvofiq ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘langan va ishga joylashish davrida 100-moddasi birinchi qismiga muvofiq o‘rtacha ish haqi saqlab qolingan holda bekor qilinadi.

Agar ish beruvchi bilan birga boshqa joyga ko‘chib o‘tishni rad etgan xodim ish beruvchining taklifi bilan tanishgan bo‘lsa, biroq o‘zining rad etishini yozma shaklda bayon etishga rozi bo‘lmagan bo‘lsa, uning rad etishi bunda hozir bo‘lgan guvohlar ko‘rsatilgan holda dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.

Mehnat nizosi yuzaga kelgan taqdirda, xodimning ish beruvchi bilan boshqa joyga ko‘chib o‘tishni rad etganligini isbotlash vazifasi ish beruvchining zimmasiga yuklatiladi.

Tuproqqal’a tumani yuridik xizmat ko’rsatish markazi boshlig’i S.S. Matnazarova

Мавзуга оид