s
Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, har bir fuqaroning sog‘lig‘ini asrab-avaylash, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish ijtimoiy davlatning ustuvor vazifalaridan biridir.
Ayni shu maqsadda yangilangan Konstitutsiyamizning 48-moddasida “Davlat jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish uchun shart-sharoit yaratadi”, degan muhim norma mustahkamlandi.
Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti maʼlumotiga ko‘ra, salomatlikning 50% turmush tarziga bog‘liq, qolgan taʼsir omillari – atrof-muhit, genetika, sog‘liqni saqlash xizmatlari hisoblanadi.
Sog‘lom turmush tarzi deganda, jismoniy salomatlik va uzoq umr ko‘rishni taʼminlaydigan odamlarning xatti-harakatlari tushiniladi. Bu esa mehnatni dam olish va sport bilan uyg‘unlashtirishni, to‘g‘ri ovqatlanishni, zararli odatlardan (chekish va spirtli ichimliklar) voz kechishni talab etadi.
Shu bois, 2019-2025-yillarda Salomatlik tizimini rivojlanish Konsepsiyasida ham jamiyatda sog‘lom turmush tarzi va to‘g‘ri ovqatlanishni keng targ‘ib qilish, fuqarolarda o‘z salomatligi va atrofdagilar sog‘lig‘i uchun javobgarlik hissini shakllantirish, shuningdek ularning madaniyati va tibbiy savodxonligini oshirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilangan.
Konstitutsiyamizga kiritilgan mazkur qo‘shimchaga ko‘ra:
birinchidan, endilikda davlat jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratadi. Jumladan, Yangi O‘zbekistonning tarraqiyot strategiyasida chekka hududlar va qishloqlarda sog‘lomlashtirish ishlarini yanada rivojlantirish, yoshlarni, tashkilotlar xodimlarini, ayollarni, nogironligi bo‘lgan shaxslarni sport tadbirlariga jalb qilish, sport obyektlari infratuzilmasini yaxshilash belgilangan. Ushbu yo‘nalishda davlat tomonidan 22-sentyabr “Xalqaro avtomobilsiz kuni” deb eʼlon qilingan. Ayollarni sportga jalb qilish maqsadida “Bahor malikalari” sport musobaqalari, 50 yoshgacha bo‘lgan uy bekalari hamda 10 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasida “Gimnastrada” sport festivalini o‘tkazish hamda sportga keng targ‘ib qilish choralari amalga oshirilmoqda;
ikkinchidan, davlat aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish uchun shart-sharoit yaratadi. Shu maqsadda, 2020-2025-yillarda aholida sog‘lom ovqatlanish odatini shakllantirish bo‘yicha chora-tadbirlar Dasturi amalga oshirilmoqda. “Sog‘lom turmush tarzi” platformasi ishlab chiqilgan, har bir hududda pul mukofoti bilan rag‘batlantirilgan “Sog‘lom turmush tarzi rivojlangan mahalla” tanlovlari tashkil etilmoqda. Endilikda, bu kabi tadbirlani amalga oshirish davlatga konstitutsiyaviy vazifa sifatida belgilandi.
Tuproqqal’a tuman adliya bo`limi Yuridik xizmat ko`rsatish markazi boshlig‘i Iskandarov Xusin