s
Ish beruvchi mehnat shartnomasini bekor qilish haqida xodimni quyidagi muddatlarda yozma ravishda (imzo chektirib) ogohlantirishi shart:
kamida ikki oy oldin — mehnat shartnomasi texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining o‘zgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilganligi, korona mulkdori almashganligi munosabati bilan, shuningdek xodimning pensiya yoshiga to‘lganligi munosabati bilan, qonun hujjatlariga muvofiq yoshga doir davlat pensiyasini olish huquqi mavjud bo‘lgan taqdirda bekor qilinganda
kamida ikki hafta oldin – mehnat shartnomasi xodimning malakasi etarli bo‘lmaganligi yoki sog‘lig‘i holatiga ko‘ra bajarayotgan ishiga noloyiq bo‘lib qolishi munosabati bilan bekor qilinganda.
kamida uch kun oldin – mehnat shartnomasi xodim aybli xatti-harakatlar sodir etganligi munosabati bilan bekor qilingan hollarda.
O'zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 154-moddasiga muvofiq ishdan qonunga xilof ravishda chetlashtirishning huquqiy oqibatlariga asosan, o‘zini qonunga xilof ravishda ishdan chetlashtirilgan deb hisoblovchi xodim o‘zining ishdan chetlashtirilishi ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin. Qonunga xilof ravishda ishdan chetlashtirilgan xodimning unga avvalgi ishini taqdim etish hamda o‘ziga yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplash va ma’naviy ziyonni (agar qonunga xilof ravishda ishdan chetlashtirish sababli xodimga ma’naviy yoki jismoniy azoblar yetkazilgan bo‘lsa) kompensatsiya qilish to‘g‘risidagi talablari qanoatlantirilishi lozim.
Mehnat nizolarini ko‘rib chiqish chog‘ida xodimni ishdan chetlashtirishning qonuniyligini isbotlash vazifasi ish beruvchining zimmasiga, xodim vakolatli davlat organlarining talabiga ko‘ra ishdan chetlashtirilgan hollarda esa xodimni ishdan chetlashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilgan tegishli davlat organining zimmasiga yuklatiladi.
Agar xodim ish beruvchi tomonidan qonunga xilof ravishda ishdan chetlashtirilgan bo‘lsa, bunday xodimga yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplash va ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilish majburiyati ish beruvchining zimmasiga yuklatiladi. Agar xodim vakolatli davlat organlarining talabiga ko‘ra qonunga xilof ravishda ishdan chetlashtirilgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan xodimga yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplanadi hamda ma’naviy ziyon kompensatsiya qilinadi, keyinchalik aybdor shaxslardan regress tartibida undiriladi.
Asos: O'zbekiston Respublikasi Mehnat kodesi 154-moddasi.
Xiva tuman yuridik xizmat ko`rsatish markazi bosh yuriskonsulti
D.Masharipov