s
USD: Rub: Eur:
2024-03-31 799

Xotin-qizlar va erkaklarga teng huquq va imkoniyatlar yaratishning konstitutsiyaviy kafolatlari

Jamiyat va davlat hayotida xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligini, shuningdek, xotin-qizlarning qonuniy huquq va manfaatlarini taʼminlash, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Shu bois, Konstitutsiyamizning 58-moddasida “Davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek jamiyat va davlat hayotining boshqa sohalarida teng huquq va imkoniyatlarni taʼminlaydi”, degan norma mustahkamlandi.

Xalq farovonligi, tinchligi hamda iqtisodiy barqarorlikda erkak va ayolning teng huquqliligi muhim o‘rin tutishini eʼtiborga olsak gender tenglikni taʼminlash vazifasini davlat zimmasiga yuklatilishi barqaror rivojlanishning zarur talabidir. Shu kabi normalar Germaniya, Irlandiya, Italiya kabi davlatlar konstitutsiyalarida ham mavjud.

2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasiga ko‘ra, gender tenglik bu – siyosat, iqtisodiyot, huquq, madaniyat, taʼlim, ilm-fan, sport va boshqa sohalarda xotin-qizlar va erkaklarning huquq hamda imkoniyatlarining tengligini taʼminlashdir.

Jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda gender tenglikni taʼminlanishi xotin-qizlarnging siyosiy faolligini oshirish, qonunlar va turli qarorlar qabul qilinishida ishtirokini yanada kengaytirish imkoniyatini beradi. Masalan, hozirda boshqaruv lavozimidagi xotin-qizlar ulushi 33 foizni, Oliy Majlisda esa 32 foizni tashkil etadi.

Bundan tashqari, gender tenglik taʼlim olish, mehnat qilish, tadbirkorlik, ijod qilish, madaniyat sohalarida ham taʼminlanishi xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshiradi. Ayni vaqtda ham xotin-qizlarning ulushi sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohasida 82 foizni, ilm-fan, taʼlim-tarbiya, madaniyat va sanʼat sohalarida 72 foizni, sanoatda 38 foizni, tadbirkorlikda 35 foizni, oliy taʼlimda 46 foizni tashkil etishi ham sohalar rivojidagi egallagan munosib o‘rnidan dalolatdir.

Har qanday xalqning yetuklik darajasini, avvalo, ayollarning ilmiy-madaniy kamoloti belgilab beradi. Shu bois, ularning taʼlim olishlari, ilm-fan bilan shug‘ullanishlari uchun sharoit yaratish davlatning alohida vazifasiga aylandi. Natijada, birgina 2022-yilda oliy o‘quv yurtlariga qabul qilingan talabalarning 49,9 foizini xotin-qizlar tashkil etdi.

Mazkur normaning kiritilishi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy faolligini oshirish, ularni davlat hokimiyatidagi lavozimlariga kengroq jalb etish imkoniyatini yaratadi. Xalq farovonligi, jamiyat tinchligi hamda iqtisodiy barqarorlikda erkak va ayolning teng huquqliligi muhim o‘rin tutishini eʼtiborga olsak gender tenglikni taʼminlash vazifasini davlat zimmasiga yuklatilishi barqaror rivojlanishning zarur talabidir.

 

Xonqa tumani adliya bo‘limi

Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi

boshlig‘i A.Boltyaev

 

Мавзуга оид