s
USD: Rub: Eur:
2023-07-18 469

ODAM SAVDOSI – DAVR MUAMMOSI

 

 “30-iyul – Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni” munosabati bilan viloyatimizda  “30 kun – hamkorlikda odam savdosiga qarshi kurashish oyligi”ni o‘tkazilmoqda

Shu munosabat bilan 2020-yil 17-avgust kuni qabul qilingan Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risidagi Qonunning mazmun-mohiyatiga to`xtalib o`tsak.

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

odam savdosi — kuch bilan tahdid qilish yoki kuch ishlatish yoxud majburlashning boshqa shakllaridan foydalanish, o‘g‘irlash, firibgarlik, aldash, hokimiyatni suiiste’mol qilish yoki vaziyatning qaltisligidan foydalanish orqali yoxud boshqa shaxsni nazorat qiluvchi shaxsning roziligini olish uchun to‘lovlar yoki manfaatdor etish evaziga og‘dirib olish yo‘li bilan odamlardan foydalanish maqsadida ularni yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish. Odamlardan foydalanish boshqa shaxslarning fohishaligidan foydalanishni yoki ulardan shahvoniy foydalanishning o‘zga shakllarini, majburiy mehnatni yoki xizmatlarni, qullikni yoxud qullikka o‘xshash odatlarni, erksizlik holatini yoxud inson a’zolarini va (yoki) to‘qimalarini olishni anglatadi;

            odam savdosidan jabrlangan shaxs — odam savdosidan, bunday harakatga rozilik berganligi-bermaganligidan va jinoyat protsessida ishtirok etganligi-etmaganligidan qat’i nazar, jabrlangan jismoniy shaxs;

odam savdosiga qarshi kurashish — odam savdosining oldini olishga, uni aniqlashga, unga chek qo‘yishga, uning oqibatlarini kamaytirishga, odam savdosidan jabrlanganlarga yordam ko‘rsatishga doir faoliyat;

6-modda. Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha milliy komissiya

Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha milliy komissiya (bundan buyon matnda Milliy komissiya deb yuritiladi) davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining, boshqa tashkilotlarning odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kollegial organdir.

Milliy komissiyaning qarorlari davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan bajarilishi shart, nodavlat notijorat tashkilotlari uchun esa tavsiyaviy xususiyatga ega.

Milliy komissiya:

Odam savdosiga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha kichik komissiyadan;

Majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha kichik komissiyadan iborat.

Milliy komissiyani shakllantirish va uning faoliyatini tashkil etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi.

 

10-modda. Odam savdosiga qarshi kurashishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari

Odam savdosiga qarshi kurashishga doir faoliyatni bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari quyidagilardan iborat:

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi;

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati;

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi;

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari;

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Odam savdosiga qarshi kurashishga doir faoliyatni qonunchilikka muvofiq boshqa davlat organlari ham amalga oshirishi mumkin.

 

18-modda. Odam savdosining oldini olish

Odam savdosining oldini olishga doir chora-tadbirlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

fuqarolarning odam savdosidan jabrlanishining oldini olishga, ularning himoyasiz va xavf ostida qolishiga sabab bo‘lgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishga qaratilgan dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishni;

odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi muammolarni aniqlash va ushbu muammolarning yechimlarini ishlab chiqish maqsadida mazkur sohadagi faoliyatning doimiy monitoringini amalga oshirishni;

odam savdosidan jabrlanganlar tushib qolishi mumkin bo‘lgan xavfli vaziyatlar haqida, davlat hamda odam savdosidan jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish va ularni himoya qilish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan muassasalar tomonidan taqdim etiladigan himoya choralari to‘g‘risida, odam savdosiga qarshi kurashish uchun davlat tomonidan ko‘rilayotgan jinoiy va ma’muriy ta’sir choralari haqida jamiyatning xabardorligini oshirishni;

turistik faoliyatni, shuningdek aholini ish bilan ta’minlashga oid faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar faoliyatiga doir talablarni belgilashni;

O‘zbekiston Respublikasining davlat ta’lim muassasalarida va nodavlat ta’lim tashkilotlarida odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi ta’lim dasturlarini ishlab chiqishni va amalga oshirishni;

odam savdosiga qarshi kurashishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari xodimlarini kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish choralarini ko‘rishni.

Odam savdosining oldini olish qonunchilikka muvofiq boshqa chora-tadbirlarni ham o‘z ichiga olishi mumkin.

 

Rasulbek IBRAGIMOV

Xorazm viloyat adliya boshqarmasi

Bosh maslahatchisi

 

 

Мавзуга оид