s
Advokatura odil sudlovning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. BMT Kongressida qabul qilingan “Yuristlar roliga oid asosiy prinsiplar”da advokatura institutini takomillashtirish demokratik, huquqiy taraqqiyotning birlamchi sharti ekanligi qayd etilgan.
Zero, davlat organlarining biron-bir huquq normasini qo‘llashda o‘z vakolatidan chetga chiqishini tiyib turuvchi mustahkam mexanizm kerak bo‘ladi. Insoniyat tarixida muvaffaqiyatli sinovdan o‘tgan bunday kuch esa fuqarolik jamiyati – nodavlat notijorat tashkilotlaridir.
Davlat esa, tabiatan nodavlat, mazmunan notijorat tizim bo‘lmish advokatura institutini mustahkamlashdan manfaatdor. Chunki davlatning eng muhim funsiyalaridan biri har bir shaxsni malakali yuridik yordam bilan taʼminlashdir. Malakali yuridik yordamga bo‘lgan ehtiyoj davlatning jamiyat manfaatlari yo‘lida advokatura institutini har tomonlama rivojlantirishini taqozo etadi.
Shu bois, yangilangan Konstitutsiyamizning 141-moddasiga “Jismoniy va yuridik shaxslarga malakali yuridik yordam ko‘rsatish uchun advokatura faoliyat ko‘rsatadi. Advokatura faoliyati qonuniylik, mustaqillik va o‘zini o‘zi boshqarish prinsiplariga asoslanadi”, degan yangi norma kiritildi.
Eʼtiborlisi, advokatura institutining maqomi Konstitutsiya darajasida mustahkamlandi. Barchaga malakali yuridik yordam kafolatlanmoqda. Binobarin, malakali yuridik yordam har qanday shaxs yoki davlat organi xodimi tomonidan emas, balki tegishli malaka va litsenziyaga ega advokatlar tomonidan amalga oshiriladi.
Taklif etilayotgan normada advokatura faoliyatining asosiy prinsiplari belgilandi. Xususan, yagona kasbiy birlashmasi sifatida advokaturaga oid barcha masalalar bevosita advokatlar tomonidan hal etilishini nazarda tutuvchi – o‘zini o‘zi boshqarish prinsipi belgilandi. Bu esa, advokatlar kasbiy mustaqilligining asosiy kafolati hisoblanadi.
Yana bir yangilik. O‘zini o‘zi boshqarish prinsipini advokaturaning mustaqilligisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Ular bir-birini taqozo etadi va to‘ldiradi. Shu bois, barcha advokatlarning orzu-umidi bo‘lmish mustaqillik prinsipi konstitutsiyaviy darajada belgilandi.
Ayni paytda, konstitutsiyada advokatlik faoliyatida qonuniylik prinsipi ham nazarda tutilmoqda. Bu esa, tom maʼnoda, davlat organlarining advokaturaning ichki ishlariga aralashishini oldini olishga xizmat qiladi..
Tuproqqal’a tuman Yuridik
xizmat ko`rsatish markazi
Bosh yuriskonsulti Eshchanov Ixlosbek Ilhom o`g`li