s
Insoniyat tamaddunining rivojlanishi doimo insonlar ijodiy faoliyati natijasi o‘laroq amalga oshgan. Barcha yangiliklar zamirida, avvalo, inson va uning aql-zakavoti turganligi bois konstitutsiyalarda ushbu masalaga alohida eʼtibor qaratiladi.
Amaldagi Konstitutsiyamizda asosiy eʼtibor ilmiy, texnikaviy ijod masalalariga qaratilgan bo‘lib, badiiy ijod masalasi eʼtibordan chetda qolgan edi. Shu bois, yangilangan Konstitutsiyamizning 53-moddasida badiiy ijod erkinligining kafolatlanishi belgilandi.
Adabiyot, sanʼat va madaniyatning jamiyat hayotidagi o‘rni beqiyos bo‘lib, faqat ular bilangina millat va xalq, butun insoniyat bezavol yashaydi. Darhaqiqat, badiiy ijod yuqori ijtimoiy ahamiyat kasb etib, bashariyat oldida paydo bo‘layotgan, biz ilgari duch kelmagan g‘oyat murakkab muammolarni bartaraf etishda, xalqimiz maʼnaviyatini yuksaltirish, ayniqsa yoshlarni umuminsoniy va milliy qadriyatlar asosida tarbiyalashda muhim rol o‘ynaydi. Shu nuqtayi nazardan, Asosiy qonunimizda har bir shaxsga badiiy ijod erkinligining kafolatlanishi milliy adabiyot va sanʼatimizni yangi asarlar va nomlar bilan boyishiga, madaniyat va maʼnaviyatimizni yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, mazkur moddaga “intellektual mulk qonun bilan muhofaza qilinadi” degan yangi norma kiritildi.
Intellektual mulk mahsuli bo‘lgan raqamli texnologiyalar va innovatsiyalar XXI asrda mamlakat iqtisodiyotini asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylandi. Bugungi kunda nomoddiy aktiv hisoblangan intellektual mulk kirib bormagan va taʼsiriga uchramagan biror soha va tarmoq qolmadi.
Intellektual mulkni muhofaza qilish, avvalo, uni yaratuvchisi bo‘lgan egasining barcha huquqlarini tan olinishini, o‘z manfaati yo‘lida bemalol foydalanishini va turli tajovuzlardan himoya qilinishini anglatadi.
Intellektual mulk obyekti egasi uni boshqa mol-mulki singari sotish, meros qilib qoldirish, sovg‘a qilish, har qanday tarzda foydalanishga ruxsat berish yoki taqiqlash huquqiga ega. Bugungi kunda intellektual mulk yirik daromad manbai hisoblanadi. Masalan, Facebook ijtimoiy tarmog‘i asoschisi Mark Sukerberg, Garri Potter haqidagi kitoblar muallifi Djoan Rouling intellektual mulkini tijoratlashtirishi orqali yirik kapital egalariga aylanishgan.
Tuproqqal’a tuman Yuridik
xizmat ko`rsatish markazi
Bosh yuriskonsulti Eshchanov Ixlosbek Ilhom o`g`li